Birlashgan Arab Amirliklarining Muhammad bin Zayd Sun’iy Intellekt Universiteti bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-03-24 14:40:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz Muhammad bin Zayd Sun’iy Intellekt Universiteti bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, talabalar uchun maxsus o‘quv dasturlarini ishga tushirish va bu yo‘nalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishni taklif etgan edi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Birlashgan Arab Amirliklarining sun’iy intellekt sohasidagi nufuzli ta’lim maskani – Muhammad bin Zayd Sun’iy Intellekt Universiteti (MBZUAI)ning Global hamkorlik bo‘yicha vitse-prezidenti Lily Burns bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va MBZUAI o‘rtasida sun’iy intellekt yo‘nalishida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, universitetning AI sohasidagi kadrlar tayyorlash dasturlarida o‘zbekistonlik mutaxassislar va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuvda IT va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekiston mutaxassislarini ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha malaka oshirish dasturlariga jalb etish hamda akademik va ilmiy almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida yetuk kadrlar tayyorlashni jadallashtirish, yangi dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlik loyihalarini kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonning raqamli transformatsiya yo‘lidagi harakatlarini jadallashtirish bilan birga, sun’iy intellekt sohasida ilg‘or bilim va tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.