Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2023-11-27 16:25:00 / Yangiliklar

Unda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov, “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Shoxzod Islamov, xorijiy tomondan Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari Li Kil Jun va Kim Sara ishtirok etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya hukumatlari oʻrtasida Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim doirasida ishlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-oktabr kuni Oʻzbekiston va Janubiy Koreya hukumatlari oʻrtasida Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqladi. Mazkur bitimning maqsadi — issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiriga moslashish salohiyatini oshirish, shu bilan kam uglerodli, iqlimga chidamli iqtisodiyotga oʻtishni taʼminlash.
Tomonlar Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamgʻarmasi (EDCF) imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holatini ham muhokama qildilar.
Shuningdek, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan amalga oshirilayotgan joriy loyihalar ham muhokamalarning muhim mavzusi boʻldi. Ishtirokchilar loyihalarning joriy holati toʻgʻrisida maʼlumot almashib, Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

