Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2023-11-24 18:50:00 / Yangiliklar
Uchrashuv avvalida Tatyana Proskuryakova Jamshid Qoʻchqorovga iqlim va rivojlanish boʻyicha mamlakat hisobotini ishlab chiqishda koʻrsatgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. U samarali hamkorlik uchun tashakkur aytib, ochiq munosabatlar taraqqiyot va muhim natijalarga erishish asosiga qurilganini taʼkidladi.
Yigʻilishda Jahon bankining 2024-moliya yiliga moʻljallangan loyihalari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, investitsiya loyihalari portfeli va Oʻzbekiston bilan hamkorlik kontekstidagi operativ masalalar koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish boʻyicha qoʻshma loyiha, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish dasturlari bilan bogʻliq masalalar asosiy muhokama mavzusi boʻldi. Mazkur loyihalar barqaror rivojlanish va atrof-muhit muhofazasiga erishishning muhim jihatlari hisoblanadi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro hamkorlikda shaffoflik va ochiqlik muhimligini taʼkidladilar. Qolaversa, Oʻzbekiston hamda Jahon banki oʻrtasidagi strategik sheriklik bundan buyon ham mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qoʻshishi aytib oʻtildi. Jahon banki mamlakat barqaror rivojlanishi va farovonligi boʻyicha umumiy maqsadlarga erishish yoʻlida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga va qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.