“SUEZ Group” delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-02-20 12:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Fransiya delegatsiyasi tarkibida Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oreliya Bushez, SUEZ kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori Pol Burdiyon, Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha bosh ijrochi direktori Silver Delone hamda kompaniyaning boshqa vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan muzokaralarda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilxomjon Umrzakov, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov va vazirlikning boshqa vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda quyidagi masalalar muhokama etildi:
Suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiyaqilish — O‘zbekistonda suv ta’minoti va oqova suvlarni tozalashni yaxshilashga qaratilgan loyihalar, shu jumladan Surxondaryo viloyatidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi, Toshkent shahrining suv ta’minotini modernizatsiasi bo’yicha muhokamalar bo’lib o’tdi. Tomonlar mamlakatda suv resurslari sifatini oshirish uchun innovatsion texnologiyalar va barqaror yechimlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.
Suv ta’minoti sohasidagi ta’lim dasturlari — Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalari uchun o‘quv dasturlari orqali suv ta’minoti tarmoqlariga yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Tomonlar ichimlik suvi ta’minoti, oqova suvlarni chiqarish va suv resurslarini boshqarish sohalarida samarali hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, mintaqaning barqaror rivojlanishi hamda ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni rivojlantirish niyatini bildirdi.