Adliya vaziri Buyuk Britaniya elchisi bilan uchrashdi
2025-02-06 17:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuv boshida adliya vaziri O‘zbekiston hamda Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik dinamikasi hamda adliya va huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, elchixona bilan hamkorlikda Buyuk Britaniya tajribasi asosida tashkil qilingan aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish va fuqarolarga huquqiy maslahatlar berish tizimi samaradorligi muhokama qilindi.
Buyuk Britaniya Intellektual mulk idorasi va O‘zbekiston Adliya vazirligi o‘rtasida intellektual mulk obyektlarini himoya qilish sohasida o‘rnatilgan hamkorlik natijasida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonlarida milliy qonunchilik TRIPS qoidalariga uyg‘unlashtirildi.
Janob elchi, o‘z navbatida, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, gender tengligi siyosatini mustahkamlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish hamda ular uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish yo‘nalishlaridagi sa’y-harakatlarni e’tirof etdi.
Timoti Smart janoblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudini tashkil etilishini yuqori baholab, mazkur sud kelgusida xorijiy investitsiyalarning ishonchi himoyasini ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuv davomida Tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, intellektual mulk himoyasi, noqonuniy ortirilgan aktivlarni qaytarish, sud-huquq islohotlari hamda Buyuk Britaniyaning yirik yuridik kompaniyalarini O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqalar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olishdi.