Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez bilan uchrashuv
2023-11-02 09:15:00 / Yangiliklar
Iqtisodiyot va moliya vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Jasur Qarshiboyev, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dilshod Azimov, shuningdek, mehmonlar tomonidan Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Yan Koshinskiy va O‘zbekistondagi Fransiya taraqqiyot agentligi rahbari Vinsen Kupen ishtirok etishdi.
Ayni paytda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida energiya, suv ta’minoti, “yashil” iqtisodiyot kabi turli sohalarda 8 ta loyiha faol amalga oshirilmoqda.
Muloqotda joriy loyihalarning samaradorligi va taraqqiyoti masalalari muhokama qilindi. Infratuzilma sohasidagi dasturlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlari yanada kengayishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash bo‘yicha joriy loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik mustahkamlanib, turli sohalarda aloqalarni o‘rnatish uchun yangi istiqbollarni ochib bermoqda. Ikki tomon o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va farovonligiga ko‘maklashuvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.


