Adliya vaziri Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati va ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha davlat agentligi raisi bilan uchrashdi
2023-10-19 09:20:00 / Yangiliklar
Uchrashuv davomida adliya vaziri A. Toshqulov mehmonlarga O‘zbekistonda davlat xizmatlari sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida, jumladan, hozirgi vaqtda respublikaning barcha tumanlarida (shaharlarida) jami 208 ta zamonaviy aholiga xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etilganligi hamda ular tomonidan 309 turdagi xizmatlar ko‘rsatilayotganligi, 2023-yil oxiriga kelib davlat xizmatlari turlarini 350 taga yetkazish rejalashtirilganligi aytib o‘tildi.
O‘z o‘rnida janob Ulvi Mehdiyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati va ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha davlat agentligi faoliyati xaqida, xususan, ushbu tashkilot o‘z faoliyatini davlat xizmatlari, raqamlashtirish, innovatsiyalar va ijtimoiy loyihalar kabi to‘rtta yo‘nalishda amalga oshirishini hamda “ASAN-XIDMET” markazlari faoliyati to‘g‘risida gapirib berdi. Markazlarda davlat organlari, xususiy tashkilotlar, kommunal xizmatlarning 320 dan ortiq xizmatlari mavjudligi ham aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro tajriba almashish maqsadida hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, mehmonlar uchun vazirlik bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Ular adliya organlari muzeyiga bo‘lishdi va huquqiy mavzularda media materiallar yaratish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.