Asosiy kontentga o'tish

Huawei kompaniyasi rahbariyati bilan turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi

2023-10-18 10:30:00 / Yangiliklar

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mobiuz mobil operatori, Raqamli hukumatni boshqarish markazi va Uzinfocom vakillaridan iborat delegatsiya Xitoyning Pekin shahridagi Huawei ko‘rgazma majmuasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida kompaniya davlatning raqamli transformatsiyasi, 5G va 5.5G texnologiyalariga asoslangan raqamli iqtisodiyot va raqamli hukumatni rivojlantirish, sunʼiy intellekt, bulutli hisoblash, AKT sektori uchun yashil texnologiyalar, universitetlar, sanoat korxonalari va aqlli shaharlarni raqamlashtirish borasida yechimlar boʻyicha oʻz qarashlarini taqdim etdi.

Shuningdek, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, jumladan, jamoat transporti va avtomobillarni tez zaryadlovchi stansiyalar yaratish bo‘yicha yechimlar ham namoyish etildi.

Tashrif doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Huawei Technologies Co. Ltd.” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Van Szyanfen va Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti janob Vang Shunli bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat davomida tarmoqqa kirish imkoniyatlarini kengaytirish va Oʻzbekistonda mavjud maʼlumotlar markaziga asoslangan bulutli xizmatlarga xorijiy investorlarni keng jalb etish, Oʻzbekistonda kadrlarni tayyorlash va raqamli ekotizim masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va bulutli texnologiyalar yo‘nalishida zamonaviy yechimlar va xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish, mobil aloqa tarmoqlarini yanada rivojlantirish, shaharlarni raqamli transformatsiya qilish, sun’iy intellekt texnologiyalarini tadqiq qilish, AKT sohasidagi rahbar va mutaxassislarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish, IT-sohada yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari kelishib olindi.

Tashrif yakunlari boʻyicha Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan Huawei kompaniyasi o‘rtasida “aqlli” shaharlarni barpo etish, sun’iy intellektni turli sohalarda tadbiq etish, raqamli transformatsiya bo‘yicha rahbar va mutaxassislar malakasini oshirish, IT-ta’lim sohasida loyiha va dasturlarni amalga oshirish, yoshlar orasida axborot texnologiyalarini ommalashtirish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga qaratilgan Anglashuv Memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “Huawei Tech Investment Tashkent” MCHJ XK o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida AKT sohasida hamkorlik qilish, IT-mutaxassislarning ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va bulutli texnologiya xizmatlari yo‘nalishida zamonaviy yechimlar va xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish hamda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv Memarandumi hamda “Universal Mobile System” MCHJ hamda “Huawei Technologies Co. Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish va modernizatsiya qilishga oid shartnoma imzolandi.

394

Oxirgi yangilanish: 2023-10-18 10:45:31