Vengriyaning yurtimizdagi elchisi bilan IT xizmatlar eksporti, IT ta’lim yo‘nalishlarida o‘rganish lozim bo‘lgan tajribalar haqida suhbatlashildi
2023-10-16 10:45:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda dastlab O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yaratilgan sharoitlarga bag‘ishlangan video taqdimot o‘tkazildi.
Raqamli texnologiyalar vaziri O‘zbekistonni dengizga chiqish imkoniyatlari cheklangani, shuningdek, aholi sonining tezlik bilan o‘sayotganini hisobga olib, mamlakatda raqamlashtirish va bu orqali masofadan turib ishlash – IT xizmatlar eksportini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shu maqsadda yoshlarni yuqori maoshli ishlarga jalb qilish, jumladan, BPO xizmatlar eksportini rivojlantirish va oshirish asosiy yo‘nalishlardan ekanini qayd etdi. Vazir bu yo‘nalishda ishlash uchun katta talablar mavjud emasligini, faqat ingliz tilini yoki boshqa chet tillarini yetarli darajada bilish yetarli ekanini aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, vazir yosh avlodning ingliz tilini bilish darajasi ham yuqorilab borayotgani va tez suratlarda o‘sayotgani, shu maqsadda ularni yaxshi maoshli ishlarga joylashtirishda IT xizmatlar sohasi ayni imkoniyat bo‘layotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Vengriya elchisi mamlakatda IT yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, Yevropa mamlakatlari, jumladan, Vengriya davlati bilan hamkorlikda IT xizmatlar eksporti, IT ta’lim yo‘nalishlarida o‘rganish lozim bo‘lgan tajribalar haqida suhbatlashildi.