Markaziy Osiyoning 5 ta davlatida shaharlar barqarorligini yaxshilash loyihasi amalga oshirilmoqda
2024-12-13 09:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Seminarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Xamori Takashi, BMT Taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, BMTTDning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha mintaqaviy maslahatchisi, iqlim o'zgarishi va tabiiy ofatlarga chidamlilik bo'yicha klaster rahbari Stanislav Kim, Tojikiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Rais o'rinbosari Haydar Rajabov, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat xizmatlari va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish ishlari boʻyicha davlat agentligi direktor oʻrinbosari Maqsadbek Sargazakov, Turkmaniston suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasining raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Safarmurod Choriyev, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi Iqlim siyosati boshqarmasining Iqlim o‘zgarishiga moslashish boshqarmasi bosh eksperti Ayjan Mamedaliyeva va boshqalar ishtirok etmoqda
Tadbirda nutq so’zlagan Aziz Abduhakimov mintaqaviy loyiha global iqlim o‘zgarishi sharoitida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, asr oxiriga borib Markaziy Osiyoda o‘rtacha harorat 3–5°Cga oshishi mumkin. Bu qor qoplamini kamaytiradi, gidrologik siklni o'zgartiradi va suv toshqinlari, chang bo'ronlari va qurg'oqchilik kabi ekstremal ob-havo hodisalari xavfi, mintaqa ekotizimlari va iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini oshiradi. Yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni yengib o‘tishda oldimizda ko‘p yo‘l bor. Lekin shuni ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyoda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bunday loyihalar sa’y-harakatlarni birlashtirgan holda tabiat bilan uyg‘unlikda barqaror rivojlanishga erishish imkonini beradi”.
Loyiha mintaqaviy hamkorlik va milliy harakat rejalari orqali Markaziy Osiyodagi shaharlarning barqarorligini oshirish uchun mustahkam asos yaratishga qaratilgan. Ushbu maqsadli yondashuv barqaror rivojlanishni rag'batlantirish bilan birga shahar muhitini iqlim xavf-xatarlariga moslashtirishning shoshilinch ehtiyojini hal qiladi. Maqsadlar Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonda shaharsozlik va barqarorlik strategiyalarida keng qamrovli oʻzgarishlarga erishishga qaratilgan. Loyihaning umumiy byudjeti 5 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lib, uni amalga oshirish 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan.
“Yaponiya tabiiy ofatlarni boshqarish (zilzilalar, tayfunlar va suv toshqinlari) boʻyicha boy tarixga ega boʻlib, loyihaga tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohasidagi ilgʻor bilim va texnologiyalarni jalb qiladi. Tadbirdan maqsad hamkorlarni tajriba almashish, muammolarni muhokama qilish, hamkorlikning salohiyatli sohalarini oʻrganish va sheriklikni mustahkamlash uchun birlashtirishdir”, - dedi Xatori Takashi.
Akiko Fujii o‘z nutqida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarning dolzarbligini aytib o’tdi.
“Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyodagi atrof-muhit, ekologik muvozanat va ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarga jiddiy tahdid solmoqda. Mintaqada kuzatilayotgan jadal urbanizatsiya iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun shahar infratuzilmasi va rejalashtirish iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik strategiyalarini o‘z ichiga olishini taqozo etadi. Ushbu loyiha yordamida biz bachamizning muammolarimizni hal qilish uchun yagona mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqishga intilamiz”, - dedi u.
Qayd etish joizki, Markaziy Osiyo tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishlari, jumladan, zilzilalar, suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, qor ko‘chkilari va ko‘chkilar tufayli yuzaga keladigan muammolarga dunyoning eng zaif mintaqalari qatoriga kiradi. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridagi aholi soʻnggi yigirma yil ichida oʻrtacha 48 foizga oshgan va 538 kvadrat kilometr maydonni egallagan. Shaharlarning tez kengayishi elektr, suv, transport, sog'liqni saqlash va oziq-ovqat tizimlari kabi muhim infratuzilmalarga katta bosim o'tkazdi va ularning iqlim ta'siriga nisbatan zaifligini oshirdi.
Markaziy Osiyoning umumiy tarixi va oʻzaro bogʻlangan ekotizimlari mintaqaviy hamkorlikning muhimligini taʼkidlaydi. Bu tashabbus shaharsozlik, suv xo‘jaligi, transport va energetika masalalarini hal qilish uchun mavjud muvofiqlashtirish platformalaridan foydalanadi.


