Rossiya Federatsiyasining Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr va kartografiya federal xizmati vakillari bilan kadastr tizimini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi
2024-12-13 09:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov, Kadastr agentligi direktori Farrux Pulatov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda kadastr sohasini rivojlantirish, xususan, davlat kadastr baholash tizimini joriy etish, ushbu yo‘nalishda texnik hamkorlik olib borish, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda ilg‘or va muvaffaqiyatli jahon tajribalaridan keng foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mehmonlar tomonidan mazkur hamkorlik davomida amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan, Toshkent shahrida eksperiment tariqasida o‘tkazilgan ommaviy baholash bo‘yicha axborot berildi va ushbu yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, uchrashuvda tizimni yanada takomillashtirishda raqamli platformalar ishlab chiqish hamda keyingi bosqichlardagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.
