BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2024-11-25 15:50:00 / Yangiliklar
Muhokama chog‘ida mamlakatimizda raqamlashtirishning bugungi holati, yoshlar va ayniqsa, IT yo‘nalishida tahsil olayotgan qizlar uchun yaratilishi zarur bo‘lgan imkoniyatlarga oid mavzularga to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuvda vazir Sh.Shermatov vazirlikning asosiy maqsadlaridan biri yosh avlodni tayyor ish o‘rinlari bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yordamida hal etilayotgan masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyati cheklanganini hisobga olgan holda vazirlik IT sohasini faol rivojlantirayotganini, bu esa IT-xizmatlar eksportini jadal oshirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
O‘z navbatida, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili O‘zbekistonning ko‘p jabhalarda jadal rivojlanish yo‘lida erishayotgan, aholi turmushini sezilarli darajada yaxshilagan yutuqlarini yuqori baholadi.
Bundan tashqari, u STEM mutaxassisliklarini birgalikda rivojlantirish, ayniqsa, yosh qizlarni ushbu mutaxassisliklarga jalb qilish muhimligini ta’kidladi hamda sun’iy intellektni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik ham muhimligini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, vazir Sh.Shermatov, yurtimizda davlat xizmatlarini onlayn ko‘rsatishga alohida e'tibor qaratilayotgani bildirib, bugungi kunda xizmatlarning qariyb 80 foizi onlayn shaklga o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, vazir ayollar, nogironlar hamda kam ta’minlangan oilalarga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, ushbu guruhlarning barchasi birinchi o‘rinda turishini, shu maqsadda “Raqamli inklyuzivlik” loyihasi bo‘yicha Jahon banki bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Yakunda tomonlar uchrashuv uchun bir-biriga minnatdorchilik bildirib, o‘zaro samarali hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.