Raqamli texnologiyalar vaziri Bakuda COP29 konferensiyasi doirasidagi “Fan, texnologiya, innovatsiya va raqamlashtirish kuni” sessiyasida qatnashdi
2024-11-18 14:10:00 / Yangiliklar

Xizmat safari davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining 29-Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida tashkil etilgan “Fan, texnologiya, innovatsiya va raqamlashtirish kuni” sessiyasida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Mazkur sessiya doirasida iqlim o‘zgarishi barqaror rivojlanish uchun asosiy muammo hisoblanishi va raqamli texnologiyalar atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim rol o‘ynashi ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi.
Vazir o‘z nutqida O‘zbekistonning “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi raqamli transformatsiyani ham o‘zida mujassam etganligi, raqamli texnologiyalarning iqlimga ta’sirini kamaytirish uchun innovatsion yechimlar tadbiq etilayotganligini ta’kiblab o‘tdi.
Jumladan, hozirda O‘zbekiston Hukumati tomonidan quyosh energiyasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganligi, shu munosabat bilan Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi tizimidagi DataVolt kompaniyalari bilan “Yashil” Ma’lumotlar markazi qurilayotganligi hamda uning elektr ta’minotida quyosh energiyasidan foydalanish ko‘zda tutilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalar uchun IT Park tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida taqdimot qildi.
Shuningdek, xizmat safari davomida Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rishat Nabiyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi AKT sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, 2025-yilda Xalqaro elektr aloqa ittifoqining Elektraloqani rivojlantirish bo‘yicha butunjahon konferensiyasini Ozarbayjon Respublikasida o‘tkazish doirasida birgalikda tadbirlar o‘tkazish, ikki davlatning IT Parklari o‘rtasida startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, telekommunikatsiya yo‘nalishida tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.

