Markaziy va G‘arbiy Osiyo o‘rtasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi
2024-11-15 12:15:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda Iqlim oʻzgarishi, muzliklar va transchegaraviy munosabatlar boʻyicha Markaziy va Gʻarbiy Osiyo hamkorligi toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolandi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokiston (bu yerda mintaqa ma’nosida) iqlimning jiddiy zaifliklariga, jumladan, muzliklarning erishi, suv tanqisligi, choʻllanish va qishloq xoʻjaligi mahsuldorligining pasayishiga duch kelayotganligi taʼkidlandi. Muzliklar qishloq xoʻjaligi, gidroenergetika, ichimlik suvi taʼminoti va turizmga boʻlgan milliy talabni qoʻllab-quvvatlaydigan muhim transchegaraviy suv resurslari manbasi ekanligi qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, iqlim oʻzgarishi va muzliklarning erishi bilan kurashish ushbu muammolarning oʻzaro bogʻliqligi sababli kompleks, koʻp tarmoqli yondashuvni talab qiladi. Barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun suv boshqaruvi, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, ofatlar xavfini kamaytirish, ekotizimga asoslangan yechimlar va ijtimoiy sektorni yaxshilashni oʻz ichiga olgan kompleks yondashuv zarur.
Uchrashuvda vazirlar tomonidan Milliy moslashish rejasi va Milliy miqyosda belgilangan majburiyatlarni bajargan holda iqlim muammolarini bartaraf etish uchun mintaqa iqlimni moliyalashtirishga muhtoj ekanligi taʼkidlandi. Har yili shu maqsadda 30 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ safarbar qilinishi kerakligi, mamlakatlarning iqlimni moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlari boshqa mintaqalarga qaraganda kamroq samara bergani qayd etildi.
2025-yildan 2031-yilgacha 7 yil davomida jami 3,5 milliard dollarlik moliyalashtirishni jalb etishni ko’zda tutgan “Muzliklardan fermer xoʻjaliklariga” (G2F) mintaqaviy dasturining muhim roliga ham eʼtibor qaratilgan. Bu dastur muzliklar erishi va iqlim oʻzgarishining boshqa taʼsirini bartaraf etish boʻyicha mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun investitsiyalar taqdim etadi. Bu iqlimga asoslangan rejalashtirish va mablag’ ajratish, barqaror yer va suv boshqaruvi amaliyotlarini qabul qilish, qishloq xoʻjaligida qiymat zanjirlarini mustahkamlash, iqlimga chidamli infratuzilma va ijtimoiy himoya tadbirlari orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, dastur suv va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshish uchun tarmoqlararo va transchegaraviy muloqotga yordam beradi.
Deklaratsiyada tomonlarning BMT Bosh Assambleyasining 2025-yilni “Xalqaro muzliklarni muhofaza qilish yili” deb belgilash rezolyutsiyasiga sodiqligi hamda bilim va axborot almashish, tadqiqot, monitoring va erta ogohlantirish tizimlari, shu jumladan, muzliklar xavfini baholash, iqlimga mos va transformativ yechimlar, strategiyalar va amaliyotlarni amalga oshirish, transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish va salohiyatni oshirish borasida hamkorlik mustahkamlanishi qayd etilgan.
Qolaversa, rivojlanish boʻyicha hamkorlar va donorlar moliyaviy koʻmakdan foydalanishni tezlashtirishga, muzliklarni saqlash hamda Markaziy va Gʻarbiy Osiyo uchun iqlimga mos tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirishga chaqirilgan.