Muhim voqea: Oʼzbekistonning yana bir muhim tabiiy meros obyekti UNESCO roʼyxatiga kiritildi
2023-09-21 10:15:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun, Transnominatsiya dosyesi loyihasini ishlab chiqish 2020-yil boshida Markaziy Osiyo cho‘l tashabbusi (Central Asian Desert Initiative - CADI) loyihasi doirasida Ekologiya vazirligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Greifsvald universiteti (Germaniya), Maykl Sukkov jamg'armasi (Germaniya), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda boshlangan edi.
“Bu ekotizim oʻzining noyobligiga qaramay, haligacha UNESCOning Butunjahon tabiiy merosi roʻyxatiga kiritilmagandi. Bunday nominatsiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi”, — dedi O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Taʼkidlash joizki, bu obyektni UNESCO roʼyxatiga qoʼshish masalasi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-sonli "Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi qarori 10-ilova 17-bandida koʼzda tutilgan.
Qozogʼiston va Turkmaniston Respublikalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu nomzodnomaning mamlakatimizga tegishli qismi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi tomonidan tayyorlangan.
Qayd etish kerakki, Oʼzbekiston tomonidan UNESCO maslahatlashuv organi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan o‘rnatilgan yaqin hamkorlik, shuningdek, Umumjahon merosi qoʼmitasi aʼzolari (21 davlat) bilan olib borilgan keng koʼlamli targʼibot-tashviqot va siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar natijasida ijobiy qaror qabul qilindi.
«Moʼtadil mintaqadagi Turon choʼllari» Umumjahon tabiiy merosi obyektlari roʼyxatiga kiritilgan Oʼzbekistonning qatnashgan ikkinchi obyekt hisoblanadi. 2016-yilda O‘zbekiston, Qozogʼiston va Qirgʼiziston ishtirokidagi «Gʼarbiy Tyan-Shan» obyekti ushbu roʼyxatdan oʼrin olgan.
Eʼtiborli jihati shundaki, yangi obyekt UNESCO roʼyxatidagi moʼtadil choʼllar toifasiga kiradigan birinchi obyekt hisoblanadi. Hududning Oʼzbekistonga doir qismi Orolboʼyi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.
«Moʼtadil mintaqadagi Turon choʼllari»ning UNESCO roʼyxatiga kiritilishi hududning 1972-yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish toʼgʼrisidagi konvensiyasi muhofazasida boʼlishini taqozo etadi. Bundan tashqari, obyektlarni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash va ilgari surish boʼyicha ilgʼor xalqaro tajribani oʼrganish, tatbiq qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yoʼl ochadi.
(Photo: Copyright ©️ M.Gritsina)


