Qurilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-11-02 11:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida vazir O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlar, strategik sheriklik hamda barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalariga to‘xtaldi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda qurilish va shaharsozlik sohasini modernizatsiya qilish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda xalqaro tajribani keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega”, — dedi Sherzod Hidoyatov.
Uchrashuv davomida qurilish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, kompaniya rahbari O‘zbekistonda turli infratuzilma loyihalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotganini ta’kidlab, kelgusida zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or yondashuvlar asosida yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, tomonlar arxitektura va muhandislik yo‘nalishlarida Xitoyning ilg‘or tajribasini o‘rganish, yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda soha kadrlarining malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida qurilish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish va mutaxassislar tayyorlash borasidagi aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, “China State Construction Engineering Corporation International” (CSCEC International) — Xitoyning yirik davlat qurilish korporatsiyasi “China State Construction Engineering Corporation” (CSCEC) tarkibiga kiruvchi, xalqaro faoliyatga ixtisoslashgan kompaniya hisoblanadi.

