Islom taraqqiyot banki Prezidenti bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-10-19 09:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda IDBning operatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Rami Ahmad, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov, Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni ilgari surishda bank bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va tarmoqni zamonaviy texnika hamda uskunalar bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, irrigatsiya tizimlarini rivojlantirish, avtomobil yo‘llari va qishloq infratuzilmasini takomillashtirish, ipoteka bozorini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish yo‘nalishlaridagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, uchrashuv doirasida Islom taraqqiyot banki bilan Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni rivojlantirish loyihasi bo‘yicha bitim imzolandi.
Loyiha mamlakatda zamonaviy, samarali va iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, resurslardan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi qiymat zanjirini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, muhokamalarda tomonlar kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, islomiy moliyalashtirish vositalarini rivojlantirish hamda ularning moliya sektorida qo‘llanilish imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Shuningdek, murabaha va ijara kabi moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.
