Sport vazirligida WAKO Prezidenti Roy Beyker bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-10-16 09:25:00 / Yangiliklar

13–18-oktyabr kunlari poytaxtimizrida, WAKO shafeligida va O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi tashkilotchiligida “Uzbekistan Kickboxing World Cup 2026” Jahon kubogi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning 48 dan ortiq mamlakatidan 2 530 nafardan ziyod sportchi va rasmiy delegatsiyalar ishtirok etmoqda. WAKO Prezidenti Roy Beyker ham mazkur musobaqa doirasida yurtimizga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda kikboksing sportini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va sportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda kikboksing bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib bormoqda. Sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, Vatanimiz sharafini himoya qilib kelmoqda.
Uchrashuv davomida WAKO Prezidenti Roy Beykerga davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan bunyod etilgan Olimpiya shaharchasi haqida videorolik namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda sportni rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani yaratish hamda sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida Roy Beyker Olimpiya shaharchasidagi Sport vazirligining ma’muriy binosida joylashgan Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi filiali bilan tanishib, O‘zbekiston sportining yutuqlari hamda sportchilarimizning xalqaro maydonlarda erishgan natijalari haqida ma’lumot oldi.
Tashrif yakunida WAKO Prezidenti Roy Beyker Faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.


