Rhenus bilan logistika hamkorligi muhokama qilindi
2026-10-14 14:30:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonda zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishdi.
Xususan, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ va “Rhenus” kompaniyalar guruhi tomonidan tashkil etilgan “UzContargo” MChJ qo‘shma korxonasi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Andijondagi yuk terminalini rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish hamda O‘zbekistonga yuk yetkazib berish muddatlarini qisqartirish maqsadida “yashil yo‘laklar” tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda vazir Ilhom Maxkamov “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihaning amalga oshirilishi jarayoniga alohida to‘xtalib, Andijonda zamonaviy logistika infratuzilmasining rivojlantirilishi yangi xalqaro transport yo‘lagining jozibadorligi va tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Andreas Shtyokli Rhenus kompaniyasining Toshkent viloyati, Samarqand va Termiz shaharlarida yuk terminallarini rivojlantirish loyihalarida kelgusida ham ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirib, O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika xabiga aylanish borasidagi yuqori salohiyatini qayd etdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar transport-logistika sohasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va istiqbolli qo‘shma loyihalar ustida ishlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

