O‘zbekiston va Qozog‘iston IT Parklari hamkorligi muhokama qilindi
2026-10-12 11:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ikki mamlakat IT Parklari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoning yagona mintaqaviy AT-makoni sifatidagi salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etish masalalari asosiy o‘rin tutdi.
Tomonlar IT Park Uzbekistan va Qozog‘istonning Astana Hub IT Parklari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini ta’kidladilar. Bunda ikki mamlakatning IT-ekotizimlari o‘rtasida raqobatni kuchaytirishdan ko‘ra, o‘zaro tajriba almashish, imkoniyatlarni birlashtirish va bir-birini to‘ldiruvchi hamkorlik modelini shakllantirishga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligi qayd etildi.
Xususan, ikki mamlakat startaplari va AT-kompaniyalarining hamkorlikda rivojlanishi, O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlariga o‘zaro kirib borishi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi hamda xalqaro bozorlarga birgalikda chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Bu orqali nafaqat ikki davlatning AT-ekotizimlarini rivojlantirish, balki butun Markaziy Osiyoning raqamli texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.
Shuningdek, mintaqadagi AT-kompaniyalar va startaplarni xalqaro maydonda yagona mintaqaviy hamkorlik muhiti sifatida ilgari surish, xorijiy investorlar va texnologik kompaniyalar e’tiborini Markaziy Osiyoga jalb qilish, shuningdek, mintaqaviy AT-brendni shakllantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar raqamli infratuzilma, sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari va innovatsion loyihalar sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Qozog‘iston AT-ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va Markaziy Osiyoni xalqaro texnologik hamkorlik, investitsiyalar hamda innovatsiyalar uchun istiqbolli mintaqaviy markaz sifatida ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.


