Osiyo taraqqiyot banki bilan davlat-xususiy sheriklik sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-29 10:00:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati, ularni jadallashtirish hamda yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ta’lim sohasida, jumladan, hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etishni kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni rivojlantirish, hududlarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish hamda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha DXSh loyihalarining holati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv mobaynida OTB bilan turli sohalardagi DXSh hamkorligi bo‘yicha imzolangan kelishuvlarning istiqbollari alohida muhokama qilindi.
Shuningdek, issiqlik ta’minoti tizimlarini zamonaviy usullar asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish, qo‘shimcha yangi DXSh loyihalarini shakllantirish hamda sohada institutsional salohiyatni rivojlantirish yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun Osiyo taraqqiyot bankining ekspert va maslahat ko‘magini jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar DXSh loyihalarining kelgusidagi natijadorligi va samaradorligini ta’minlash maqsadida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish hamda ustuvor sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
