O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi
2026-09-11 10:30:00 / Yangiliklar

Sammit doirasida turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar va yirik kompaniyalar vakillari ishtirokida kosmik texnologiyalar, innovatsiyalar, ilmiy-texnik taraqqiyot hamda sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda. Tadbir, shuningdek, davlatlar va xususiy sektor o‘rtasida muloqotni kuchaytirish, yangi texnologik hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tashrif doirasida Prezident administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamentining rahbari Bobur Xodjayev, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov La French Tech markaziy ofisi direktori Jyuli Yuge bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Fransiyaning texnologik va startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, fransuz startaplarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi hamda mahalliy startaplarning Fransiya va Yevropa bozorlariga chiqishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
La French Tech Fransiyadagi yuqori o‘sish salohiyatiga ega startaplar va texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda investorlar va texnologik ekotizim ishtirokchilari bilan bog‘lashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshiradi. Tashkilot Business France va boshqa davlat hamkorlari bilan birgalikda Fransiyada o‘z faoliyatini boshlash yoki kengaytirishni rejalashtirayotgan xalqaro startaplar, investorlar va texnologik kompaniyalarga turli yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatadi.
Uchrashuvda La French Tech tomonidan amalga oshirilayotgan asosiy dasturlar haqida ham fikr almashildi. Tomonlar O‘zbekiston va Fransiya startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratdilar.
Xususan, IT Park Uzbekistan va La French Tech o‘rtasida Anglashuv memorandumini tayyorlash, O‘zbekistonda uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish va vakolatxonasini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, fransuz startaplarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilishda IT Park’ning Soft Landing va Startup Exchange dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, tashkilot vakillari ICT WEEK Uzbekistan xalqaro tadbirida ishtirok etishga taklif qilindi.

