Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-09-07 10:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda XVJning Fiskal ishlar departamenti Davlat moliyasini boshqarish bo‘limining katta iqtisodchilari Amanda Sayeg va Nataliya Salazar hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida fiskal boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat moliyasini boshqarish amaliyotini yanada rivojlantirish hamda fiskal boshqaruvni takomillashtirishga qaratilgan ilg‘or yondashuvlardan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muloqot davomida fiskal intizomni ta’minlash davlat moliyasini boshqarishning muhim shartlaridan biri ekani qayd etilib, budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash, budjet taqchilligining miqdori va chegaralarini belgilashda yangi yondashuvlardan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish hamda budjet resurslaridan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, muzokaralarda budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida daromadlarni prognozlashtirish va xarajatlarni rejalashtirish sifatini oshirish, budjet parametrlarini shakllantirishda aniq va ishonchli prognozlardan foydalanish hamda moliyaviy rejalashtirishning izchilligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar fiskal boshqaruv va davlat moliyasini boshqarish sohasidagi islohotlarni yanada takomillashtirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
