O‘zbekiston va Singapur adliya vazirliklari hamkorligi
2026-08-27 09:35:00 / Yangiliklar
“Singapore Convention Week 2026” doirasida Adliya vaziri Akbar Tashkulov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Singapur Huquq vaziri Edvin Tong bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqotda ikki mamlakat adliya tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, huquqiy islohotlar bo‘yicha muntazam tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qator amaliy yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi:
- to‘lovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) — Singapurning zamonaviy qonunchilik modeli va biznesni sog‘lomlashtirish amaliyotini o‘rganish;
- Legal Tech va sun’iy intellekt — adliya xizmatlarini raqamlashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarni huquqiy jarayonlarga joriy etish;
- mediatsiya va arbitraj — nizolarni sudgacha va muqobil hal etishning samarali mexanizmlarini rivojlantirish;
- ekspert ko‘magi — O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi huquqiy islohotlarga singapurlik mutaxassislarni jalb etish;
- qo‘shma tadbirlar — konferensiyalar, forumlar va stajirovka dasturlarini birgalikda tashkil etish.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni aniq amaliy loyihalarga aylantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishildi.
Maqsad — ilg‘or xalqaro tajribani O‘zbekiston huquqiy tizimiga moslashtirib, adliya xizmatlarini yanada zamonaviy, samarali va qulay qilish.