Turkiya ekspertlari ishtirokida sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish yuzasidan muhokama o‘tkazildi
2024-08-27 09:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda “Saglık grup” kompaniyasi vakili Ugur Akin hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Sultanov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi direktori Eldor Adilov, Ijtimoiy sohalar iqtisodiyoti va moliyasi departamenti direktori Adham Eshchanov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida tomonlar ijtimoiy sohalarda zamonaviy jarayonlar, xususan, sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishning bugungi ahamiyati, jumladan, birlamchi tibbiy yordam tizimini isloh qilish, tibbiyot muassasalaridagi laboratoriyalar faoliyatini tubdan yaxshilash va samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, suhbatda tomonlar tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish, tibbiy sug‘urta tizimi hamda sogʻliqni saqlash sohasida Turkiya va jahonning ilg‘or tajribalarini tatbiq etish yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokalar yakunida tomonlar qayd etilgan masalalar yuzasidan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga va belgilangan maqsadlarga erishishda tizimli faoliyat olib borishga kelishib oldilar.