Adliya vaziri BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasining doimiy vakili bilan uchrashdi
2024-08-23 09:20:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda avvalida A. Toshqulov Akiko Fujii xonimni BMTTD Oʻzbekistondagi vakolatxonasining doimiy vakili lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, unga mazkur masʼuliyatli lavozimda va sharafli xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Adliya vaziri Oʻzbekistonda soʻngi yillarda keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirilishida BMTTD ulkan hissasini qoʻshib kelayotganligini taʼkidlab, oʻz minnatdorligini bildirdi.
A. Fujii oʻz oʻrnida, Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, 8 davlatda oʻz faoliyatini olib borganligi, har bir mamlakatda qonun ustuvorligi va hukumatning shaffofligini taʼminlashda Adliya vazirligi muhim oʻrin egallashini kuzatganligini hamda Oʻzbekistonda ham vazirlik mazkur yoʻnalishlarda tashabbuskorligini qayd etdi.
Adliya vazirligi aholiga ochiq va hisobdor organ boʻlib, inson huquqlarini himoya qilish sohasida oʻz islohotlarini olib borishi hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun imkoniyatlarni kengaytirishiga alohida eʼtibor koʻrsatib kelishi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalar va tadbirlar haqida atroflicha fikr almashib, huquq va adliya sohasida oʻzaro istiqbolli hamkorlikni jadallashtirishga kelishib oldilar.