YXHT bilan ekologiya sohasida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2023-06-20 11:50:11 / Yangiliklar

Uchrashuvda mintaqaviy darajadagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, xususan, ekotizimlarni saqlash yoʻnalishida ilgʻor tajriba va innovatsiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ekologik taʻlim va madaniyatni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini barqaror taʻminlash hamda suv resurslarini boshqarish haqida ham soʻz yuritildi.
“Toshkentda Markaziy Osiyoda iqlim bilan bogʻliq xavflarni bartaraf etish va hamkorlikni kengaytirish boʻyicha mintaqaviy seminar oʻtkazilishi rejalashtirilgan, — dedi Aziz Abduhakimov. — Maqsadimiz bugungi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda seminarda aniq takliflar bildirish va ekologik muammolarni bartaraf etish borasida samarali natijalarga erishishdir”.
Taʻkidlash joizki, uchrashuvda YXHT tomoni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universitetining tashkil etilishini yuqori baholadi. Qolaversa, ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida institutsional salohiyatni rivojlantirish, xususan, ekologik jurnalistika va ekologik huquqni rivojlantirish istiqbollarini alohida eʻtirof etdi.
Bundan tashqari, Igli Hasani yangi vazirlikning asosiy yoʻnalishlari hamda YXHTning barcha vositalari, jumladan, sohadagi vakillari va tashkilotlarni jalb etish masalasi boʻyicha koʻmaklashishga tayyorligini maʻlum qildi.
Shu bilan birga, YXHT vakili atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi barcha vazirlik va idoralar rahbarlarini joriy yilning iyul oyida Venada boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan yigʻilishga taklif qildi. Maʻlumot uchun, mazkur yigʻilish Markaziy Osiyoda iqlim bilan bogʻliq xavflarni bartaraf etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.


