Tojikiston Respublikasi Moliya vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-07-01 11:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nasriddin Ismatullo, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, davlat moliyasini boshqarish sohasida tajriba almashish hamda ikki tomonlama amaliy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy va konstruktiv muloqot, yaxshi qo‘shnichilik hamda o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqayotgani, moliya sohasida esa amaliy aloqalarni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratib berayotganini qayd etdilar.
Uchrashuvda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish, budjet jarayonlarining samaradorligini oshirish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish hamda boshqa hamkorlik yo‘nalishlarida institutsional tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, mintaqaviy iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda qo‘shni davlatlar o‘rtasida moliyaviy muloqotni yanada faollashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tojikiston Respublikasi Moliya vazirligi o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.

