"Parij-2024": «Olimpiya shaharchasi»da ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi
2024-08-01 13:55:00 / Yangiliklar

Kecha o‘tkazilgan dzyudo musobaqalarida Davlat Bobonovning shov-shuvli tarzda mag‘lubiyatga uchrashi, kamondan otish bahslarida ilk bor ishtirok etgan sportchilarimizning ko‘rsatkichlari, bokschilarimizning navbatdagi bosqichda ishonchli g‘alabaga erishgani Parijdagi «Olimpiya shaharchasi»da faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi tezkor shtabida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishida muhokama qilindi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, tegishli sport federatsiyalarning mutasaddilari ishtirokidagi muhokamalarda Olimpiya o‘yinlarining har bir bellashuvi final darajasida o‘tayotgani ta’kidlandi.
Dasturda belgilangan sport musobaqalariga sportchilarimizning o‘z vaqtida yetib borishi, zarur shart-sharoitlar yaratish, bevosita sport maydonida qo‘llab-quvvatlash, jamoalarimizning xavfsizligi kabi bir qator masalalar xususida so‘z yuritilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.