Xalqaro telekommunikatsiya sohasida hamkorlik
2026-06-08 15:45:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish davomida xalqaro telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda xalqaro tashkilotlar bilan muvofiqlashtirilgan faoliyatni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Xalqaro elektr aloqa ittifoqining 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan Vakolatli konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston tomonidan 2028-yilda Telekommunikatsiyalarni standartlashtirish butunjahon assambleyasini Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, mamlakatimiz tomonidan 2027–2030-yillar uchun XEI Kengashiga hamda Radioreglamentar qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi nomzodlari ilgari surildi.
Shu bilan birga, raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish, no-geostatsionar sun’iy yo‘ldosh tizimlarini keng joriy etish va ularni mobil aloqa tarmoqlari bilan integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalish aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini yuqori sifatli raqamli xizmatlar bilan ta’minlash, shuningdek, aloqa tarmoqlarining barqarorligi va qamrovini oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan mintaqaviy telekommunikatsiya bozorini yanada rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilib, xalqaro rouming xizmatlarini takomillashtirish, operatorlararo hamkorlikni kuchaytirish va chegaralararo telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek yig‘ilishning asosisy tartibi sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish masalasi muhokama qilinindi va bu ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, “AI for Good” tashabbusining mintaqaviy platformasini shakllantirish, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish hamda sun’iy intellekt uchun tayyor statistik ma’lumotlar infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning xalqaro telekommunikatsiya va raqamli rivojlanish sohasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi hamda mamlakatimizning mintaqaviy raqamli hamkorlikni shakllantirishdagi faol roli alohida qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida xalqaro va hududiy hamkorlikni rivojlantirishda qo‘shgan hissasi uchun AS’HH tashkil etilganini 35 yilligi munosabati bilan Vazir Sh. Shermatov “Orden”, shuningdek vazirlik va vazirlik tizimidagi rahbar va xodimlar orden, medal va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Ma'lumot uchun: 2022-yilda Aloqa sohasidagi Hududiy Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Aloqa ma’muriyatlari rahbarlarining kengashi raisi etib birinchi marotaba O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri saylangan edi.


