“SUEZ Group” hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida atrof-muhit va infratuzilma loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-07-19 13:55:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun: “Suez Group” suv va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yechimlarga ixtisoslashgan ekologik xizmatlar sohasida jahon yetakchisi hisoblanadi. Kompaniya atrof-muhit muammolarini hal qilishda o‘zining innovatsion yondashuvi bilan mashhur bo‘lib, suvni tozalash, chiqindilarni boshqarish, energiyani qayta ishlash va atrof-muhit bo‘yicha konsalting kabi keng ko‘lamli xizmatlarni taklif qiladi. Suez barqaror rivojlanish tarafdori bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab turli tashabbus va loyihalar orqali resurslarni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishni rag‘batlantirishga intiladi.
“SUEZ Group” tomonidan uchrashuvda Markaziy Osiyo bo‘yicha Bosh ijrochi direktori Silver Delune, Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha bosh operatsion direktori Alen Karbonel, “Suez International SAS” Tashkent loyihasi rahbari Julien Men va Markaziy Osiyo bo‘yicha biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Umid Akbarovlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston vakillari tomonidan uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Jasur Karshibayev, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Toxir Xaydarov, Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish departamenti direktori Ilhom Umrzakov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Kun tartibining asosiy masalalari Ekologik alyans tashkil etish loyihasining borishi to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘z ichiga olgan bo‘lib, loyihaning tayyorgarligi va uni amalga oshirish bo‘yicha kelajakdagi rejalarga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida ichimlik suv ta’minoti loyihalarini amalga oshirishning hozirgi holati hamda Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan suv ta’minoti loyihalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning ekologik kun tartibini ilgari surish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun strategik sheriklik aloqalarini davom etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
