Xalqaro Stol Tennisi Federatsiyasi (ITTF) Prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-05-15 17:20:00 / Yangiliklar

Unda Sport vaziri Adkham Ikramov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov hamda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi bosh kotibi Gavhar Muqaddasova ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Sport vaziri tomonidan mamlakatimiz sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma, xalqaro musobaqalarni o‘tkazish borasidagi tajriba hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan sport sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi.
Petra Syorling O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan e’tibor, zamonaviy sport obyektlari va yaratilayotgan tizimli yondashuvni yuqori baholab, mamlakatdagi o‘zgarishlar unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Shuningdek, ITTF O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.Mehmonlar Olimpiya shaharchasidagi sport inshootlari, bo‘lib o‘tayotgan musobaqalar jarayonlari hamda O‘zbekiston davlat sport akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Xalqaro Stol Tennisi Federatsiyasi Prezidenti Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan WTT Youth Contender Tashkent 2026 turnirida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.


