Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-05-04 10:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy-moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi. Shuningdek, muloqot davomida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda tomonlar Koreya Respublikasining yuqori texnologiyalar, innovatsion sanoat tarmoqlari va raqamli boshqaruv sohasidagi ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda, O‘zbekistonda yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.
Ushbu yo‘nalish sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hamda zamonaviy texnologik ekotizimni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shu bilan birga, raqamli davlat moliyasini boshqarish tizimlari, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat moliyasini boshqarish jarayonlariga bosqichma-bosqich joriy etish yo‘nalishida hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, budjet jarayonlarini raqamlashtirish, moliyaviy prognozlash, budjet monitoringi, risklarni baholash va qaror qabul qilish jarayonlarida zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda samaradorlikni oshirish borasida Koreya tajribasidan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, bilimlar va tajribalar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga kelishib oldi.
