Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni
2026-04-29 / Voqealar taqvimi

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29-aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.
Hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.
Rezolyutsiya O‘zbekiston Prezidentining zilzila qurbonlariga hurmat ko‘rsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi tashabbusiga asoslangan.
2023-yil 16-mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida davlatimiz rahbari tomonidan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgandi.
Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ilk bor 2026-yil 29-aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966-yilda Toshkent shahrida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilaning 60-yilligi munosabati bilan belgilandi.