Oxford Insights bilan hamkorlik natijalari muhokama qilindi
2026-04-24 11:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning sun’iy intellekt (SI) sohasidagi hamkorlik natijalari muhokama qilindi. O‘zbekiston Sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksida ikki yilda 25 pog‘onaga yuqorilagani alohida qayd etildi.
Tomonlar taqdimot davomida 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik doirasida erishilgan asosiy natijalarni ko‘rib chiqdilar. Jumladan, davlat sektorida SI’dan foydalanish bo‘yicha qo‘llanmalar, etik tamoyillar, davlat xaridlari, ma’lumot almashinuvi, GovTech Hub hamda tartibga solish yo‘nalishlarida strategik hujjatlar ishlab chiqilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, loyiha doirasida O‘zbekistonning SI salohiyati kompleks baholanib, davlat boshqaruvida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilgani qayd etildi. Natijada mamlakatning SI infratuzilmasi, davlat sektorida joriy etish darajasi va barqarorlik ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash uchun asos yaratildi.
Uchrashuvda hamkorlikning navbatdagi bosqichi — erishilgan natijalarni amaliyotga joriy etish va institutsionallashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu bosqichda asosiy e’tibor SI infratuzilmasini rivojlantirish, davlat sektorida texnologiyalarni keng joriy etish hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda Oxford Insights’ning mahalliy vakilini jalb etish orqali davlat organlari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, Oxford Insights — hukumatlarning sun’iy intellektga tayyorgarligini baholash bo‘yicha dunyodagi yetakchi tashkilotlardan biri bo‘lib, Government AI Readiness Index reytingi muallifi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik 2024-yilda boshlangan bo‘lib, u mamlakatimizda SI siyosatini shakllantirish va raqamli transformatsiyani jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

