“Raiffeisen Bank International” (RBI) banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-04-23 10:05:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun: “Raiffeisen Bank International” (RBI) — Avstriyada joylashgan, Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasida faoliyat yurituvchi yetakchi xalqaro bank guruhlaridan biri bo‘lib, korporativ va investitsion bank xizmatlarini keng ko‘lamda taqdim etadi.
Bank xalqaro moliya bozorlarini mahalliy bozorlarga bog‘lashda muhim rol o‘ynab, kapital bozorlari va depozitar xizmatlari yo‘nalishlarida kompleks yechimlarni taklif etadi hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish va investitsiya oqimlarini kengaytirishga faol hissa qo‘shadi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan ijobiy natijalar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, mamlakatimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar, jumladan, iqtisodiy o‘sish va inflatsiya ko‘rsatkichlarining ijobiy dinamikasi ta’kidlab o‘tildi.
Rayner Shnabl rivojlanayotgan bozorlar orasida O‘zbekiston islohotlarni faol olib borayotgan mamlakatlar qatoriga kirishini qayd etdi hamda mamlakatdagi makroiqtisodiy barqarorlik investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, xalqaro moliya bozorlarida O‘zbekiston tomonidan milliy valyutada 12,2 trillion so‘mlik suveren xalqaro obligatsiyalar 12,25 foizda joylashtirilganligini yuqori baholadi.
O‘zbekiston ichki moliya bozoriga xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida RBI tomonidan kastodian xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Uchrashuv doirasida RBI va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi o‘rtasida korrespondentlik munosabatlarini o‘rnatish hamda hisobvaraq ochish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Shuningdek, Markaziy bankda hisobvaraq ochilganligi to‘g‘risida rasmiy tasdiqnoma RBI vakillariga taqdim etildi.
Xorijiy investorlarning davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga jalb etilishi investorlar bazasini diversifikatsiya qilish hamda foiz stavkalarini pasaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida RBI Boshqaruv kengashi a’zosi Rayner Shnabl bilan O‘zbekistonda ichki moliya bozorini, jumladan davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish uchun har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.


