Seul shahrida O‘zbekiston – Koreya IT-biznes alyansi tashkil etildi va kelishuv imzolandi
2024-06-28 09:35:00 / Yangiliklar

Seul shahrida tashkil etilgan marosimda Koreyaning eng yetakchi 6 ta IT assotsiatsiyalari, jumladan, Koreya xalqaro sanoatlashtirishda hamkorlik instituti (KIIIC), Koreya Software Assotsiyasi (KOSA), Koreya xizmatlar sanoati instituti (KSI), Koreya informatsion texnologiyalari xizmati sanoati Assotsiatsiyasi (ITSA), Koreya fan va sanoat Assotsiayasi (RNDIA), Koreya EduTech Assotsiasiyasi (KETIA), Seul Raqamlashtirish fondi (SDF), Kengbuk texnoparki hamda O‘zbekistonga qiziqishi katta bo‘lgan BizData, Miso Info Tech, SonoArchi, Sangjin CNT, KoMapper, KnowWhere kabi IT korxonalari ishtirok etdi.
Tadbirda chiqish qilgan Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov o‘zbek va koreys millatlari orasidagi tarixiy, siyosiy va madaniy yaqinlik, shuningdek, O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlarga ega bo‘lgan, nisbatan arzon biroq kuchli mutaxassislarga ehtiyoji bor koreyalik kompaniyalar uchun O‘zbekistonni tanlash ayni muddao ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda Koreya IT kompaniyalaridan autsorsing buyurtmalarini O‘zbekistonga jalb qilish va Koreya kompaniyalarini O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochish ishlarini jadallashtirish va bu borada amaliy hamkorlik qilish maqsadida IT Park Uzbekistan bosh direktori F. Ibragimov va va Koreyaning KIIIC (Korea Institute of International Industrial Cooperation) raisi Jong Ok-Raye o‘rtasida O‘zbekiston-Koreya IT Biznes Alyansini tashkil etildi va bu bo‘yicha kelishuv shartnomasi imzolandi.
Mazkur kelishuvga ko‘ra, mamlakatimizning Koreya bozoriga IT-xizmatlar eksportini oshirish, kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish va Oʻzbekistonni yangi autsorsing yoʻnalishi sifatida ilgari surish maqsadida Koreya va Oʻzbekistonda hamkor IT-vakolatxonalar ochiladi. Shuningdek, mazkur ittifoq orqali Koreya bozorida oʻz loyihalari va xizmatlarini targʻib qilishga qiziqqan oʻzbek kompaniyalariga amaliy yordam koʻrsatiladi.
Tadbir chogʻida “Seul Digital Foundation” va “Miso Information Technology” IT biznes-alyansning birinchi ishtirokchi kompaniyalariga aylanishdi.


