Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning O‘zbekiston bo‘yicha missiyasi vakillari bilan uchrashuv
2026-04-01 10:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv XVJning 2026-yil 26-mart — 9-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan IV modda (Article IV) maslahatlashuv missiyasi doirasida tashkil etildi. Missiya rahbari Yasser Abdih boshchiligidagi delegatsiya bilan o‘zaro muloqotda mamlakat iqtisodiyotidagi joriy holat, rivojlanish istiqbollari hamda ustuvor islohot yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar makroiqtisodiy vaziyat va uning barqarorligini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qo‘llab-quvvatlash, inflatsiyani nazorat qilish, eksport-import operatsiyalari va logistika tizimini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, yer munosabatlarini takomillashtirish, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlari hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, energetika sohasidagi islohotlar, suveren kredit reytinglarini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va yoshlarni ushbu yo‘nalishda tayyorlash, pensiya tizimini isloh qilish kabi masalalar ham kun tartibidan o‘rin oldi.
XVJ vakillari bilan muloqot davomida fiskal siyosat, 2026-yil davlat budjeti parametrlari, pul-kredit siyosati va moliyaviy sektorni rivojlantirish, shuningdek, Moliya tizimini baholash dasturi (FSAP) tavsiyalarini amalga oshirish jarayonlari yuzasidan ham batafsil fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston hukumati va XVJ o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni yuqori baholab, kelgusida o‘zaro muloqotni davom ettirish va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
