Singapur Xalqaro Mediatsiya markazi rahbari bilan uchrashuv
2026-03-31 12:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda nizolarni muqobil hal etish tizimini rivojlantirish, xususan mediatsiya institutini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mediatsiya orqali nizolarni hal etish amaliyoti kengayib, minglab nizolar sudga qadar bosqichda hal etilmoqda. Bu esa sudlar yuklamasini kamaytirish hamda investorlar uchun qulay va shaffof muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Tomonlar o‘rtasida mediatsiya sohasida xalqaro tajribani joriy etish, mediatorlar malakasini oshirish, onlayn mediatsiyani rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “Tashkent – Central Asian Mediation Hub” konsepsiyasini ilgari surish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish hamda O‘zbekistonni mintaqada mediatsiya markaziga aylantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va mediatsiya sohasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
