Tabiatni asrash – umrni uzaytirish kafolati
2021-08-16 00:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi B.Alixonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati L.Seytova va boshqalar iqtisodiyot sohalarida va aholi punktlarida hosil bo‘ladigan maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalar qo‘llaniladigan ishlab chiqarishlarni joriy etish, sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish masalalariga tӯxtaldi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yilning ӯtgan oylari mobaynida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikda atrof muhitni himoya qilish, chiqindilarning zararli oqibatlaridan asrab-avaylash maqsadida “Tabiatni chiqindilardan asraymiz!” shiori ostida ekologik aksiya muntazam o'tkazib kelinmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida sanitar tozalash xizmatiga qamrab olish darajasi 91 foizni tashkil etmoqda. Xududlarda sanitar tozalash xizmatlariga qamrab olish talab etiladigan 2486 ta tashkilotning 1283 tasi bilan shartnoma imzolandi. Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida 5 ta korxona va ikkilamchi xomashyo mahsulotlarini qabul qiluvchi 9 ta shoxobcha va boshqa ishlab chiqarish korxonalari tomonidan joriy yilda 7131 tonna polietilen, plastmassa, qog‘oz, tekstil, shisha, metall, texnik moy, rezina, qurilish, yog‘och mahsulotlari va boshqa chiqindilar qayta ishlanib, qayta ishlash darajasi 10,02 foizni tashkil etmoqda. Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil etish sohasida xususiy sektor ulushi 14,4 foizga, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish shoxobchalarning soni 624 taga, chiqindilarni to‘plash konteynerlar soni 782 taga yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining majlis bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi uchun jami 6 milliard 876 million so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 9 ta chiqindi tashish, 1 ta chiqindilarni zichlovchi texnika, 37 ta chiqindilarni joylashtirish konteyneri xarid qilish uchun shartnoma tuzildi.
Germaniya Federativ Respublikasi bilan hamkorlikda “Maishiy chiqindi poligonlarni rekultivatsiya qilish va yangi poligonlarni qurish” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 120 million AQSH dollari hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 ta chiqindi saralash poligoni va 8 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini qurish belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak tumanlari va Nukus shahri hokimliklarning qarori bilan yer maydoni ajratilgan bo‘lib, ularning ekologik xavfsizlik va atrof-muhitga ta’sir choralarini aniqlash uchun loyihalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, 8 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini qurish uchun Xo‘jayli, Amudaryo, Beruniy, Ellikqa’la, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Chimboy va Taxtako‘pir tumanlari tanlab olinib, hozirgi vaqtda loyihalari ishlab chiqildi. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi hisobiga 18 ta chiqindi tashish texnikasi, 360 ta chiqindi konteyner, 1 ta ekskavator, 1 ta tirkamali shatakka oluvchi maxsus transport vositasi, 1 ta texnik yordam avtomobilini va 1 ta servis markazni xarid qilish belgilangan. Aslida tabiatni asrash inson umrini uzaytirish kafolatidir. Bu boradagi barcha choralar ko‘rilishi zarur.
Tadbirda amalga oshirilayotgan keng kӯlamli ishlar bilan birga yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar qayd etildi. Ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.