Xalqaro moliya markazi va tijorat sudini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
2026-03-12 09:00:00 / Yangiliklar

Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida bugungi kunda xalqaro savdo va investitsiya munosabatlarining jadal rivojlanishi nizolarni hal etishning samarali va ishonchli mexanizmlarini talab etayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan jahon amaliyotida xalqaro tijorat arbitraji hamda ingliz huquqi tamoyillariga asoslangan maxsus sud institutlari keng qo‘llanilayotgani qayd etildi.
Xususan, O‘zbekistonda xalqaro biznes muhitini yanada rivojlantirish, investorlar huquqlarini samarali himoya qilish hamda xalqaro huquqiy standartlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan “Xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini ishlab chiqish hamda uning doirasida Toshkent xalqaro moliya markazi sud organi hisoblangan Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish muhim tashabbus sifatida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etish hamda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi istiqbollarni belgilab oldilar.

