“Rothschild&Co” moliya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-06-13 09:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda, “Rothschild&Co” kompaniyasining MDH davlatlari bo‘yicha direktori Oleg Pushkarev, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev, “Uzassets” boshqaruv raisi Bobur Abdinazarov, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB kuzatuv kengashi raisi Odilbek Isakov, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi Aziz Akbarjonov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda mamlakatdagi amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, xususan, energetika sohasidagi amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari, sohani rivojlantirishda yangi samarali loyihalarni shakllantirish, ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni tubdan isloh qilish hamda samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar mamlakatimizda olib borilayotgan xususiylashtirish jarayonlari, jumladan, davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish va transformatsiya qilish, ushbu yo‘nalishda xalqaro konsalting kompaniyalar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar so‘ngida tomonlar yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib oldilar.

