Serbiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-02-20 08:55:00 / Yangiliklar

Tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan, ikki vazirlik o‘rtasidagi institutsional aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv konstruktiv va ochiq muloqot ruhida o‘tdi.
Muzokaralar davomida o‘zaro tovar savdo aylanmasi hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish orqali sanoatni yuksaltirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakatning turistik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston–Serbiya biznes forumi faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi hamda mazkur platforma ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
