OIIB bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi
2024-06-06 14:50:00 / Yangiliklar
Tashrif doirasida Pekin shahrida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida bank moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi.
Xususan, Buxoro – Miskin – Urganch – Xiva temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish, Buxoro viloyati hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish, hududlarda jamoat transportini rivojlantirish (avtobuslar sotib olish) bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishga bank moliyaviy resurslarini jalb etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tomonlar xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish borasidagi muhim loyiha, Osiyo va Yevropa qit’asini bevosita bog‘lovchi Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini amalga oshirishda bank bilan hamkorlik masalasini muhokama etishdi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy bu kabi yirik va o‘ta muhim loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorlik bankning birinchi galdagi vazifasi ekanligini aytib o‘tdi.