Latviya tajribasi asosida O‘zbekistonda Yevropa bozoriga mos AT-mahsulotlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-01-28 09:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida AT-sohada hamkorlikni rivojlantirish, mahalliy mutaxassislar salohiyatini xalqaro bozorlarga olib chiqish, shuningdek, tayyor raqamli mahsulotlar va xizmatlarni eksport qilish masalalari muhokama qilindi.
“Corporate Solutions Group” vakillari Yevropa va AQSh bozorlarida dasturiy mahsulotlarga bo‘lgan talab kuchayib borayotgani haqida ma’lumot berdilar. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarining AT-sohadagi xarajatlarni optimallashtirishdagi roli, bu jarayonda yosh mutaxassislarni yetishtirish va ularning kasbiy o‘sishini ta’minlash muhimligi qayd etildi. Tomonlar yosh dasturchilarni AI, eski va yangi texnologiyalar uyg‘unligida tayyorlash, ularni real loyihalar orqali senior darajaga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini bildirdilar.
Uchrashuvda startap ekotizimini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilinib, Yevropa tajribasi asosida g‘oyalarni tanlov asosida moliyalashtirish, rivojlanish fondlari orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish muhimligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, xalqaro investorlar nafaqat moliyaviy resurs, balki bozorlarga chiqish imkoniyatini ham taqdim etishi qayd etildi.
Raqamli texnologiyalar vaziri O‘zbekistonda AT-sohani rivojlantirish, mahalliy kadrlarni tayyorlash, raqamli mahsulotlar eksportini kengaytirish hamda xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonni Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan raqamli mahsulotlar markazlaridan biriga aylantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

