Samarqandda CITES CoP20 yakunlandi
2025-12-09 11:15:00 / Yangiliklar

Tadbir misli ko‘rilmagan miqdordagi ishtirokchilarni — 184 davlatdan 3 000 dan ortiq delegatni birlashtirdi. Bu CITES tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, Markaziy Osiyo uchun rekord natija sanaladi. O‘zbekiston raisligida o‘tgan yakuniy plenar sessiya nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa uchun muhim siyosiy voqea bo‘ldi, chunki CITES konferensiyasi tarixda ilk bor Markaziy Osiyo hududida tashkil etildi.
Ikki hafta davomida davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar va nodavlat tuzilmalar vakillari yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo masalalarining asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Konvensiya tarixida ilk bor bunday ulkan hajmdagi materiallar ko‘rib chiqildi: delegatlar 120 ga yaqin hujjatni o‘rgandilar, 350 dan ortiq taklif va tashabbuslarni muhokama qildilar hamda 250 ga yaqin turga oid masalalarni ko‘rib chiqdilar. Bu raqamlar avvalgi CoP yig‘ilishlarining o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori bo‘lib, masalaning dolzarbligi va xalqaro hamjamiyatning kuchayib borayotgan e’tiborini namoyish etadi.
Konferensiya yakunida bir qator tarixiy qarorlar qabul qilindi. Akulalar, mantalar va “yirtqich skatlar” deb ataluvchi skatlar jumlasidan 70 dan ortiq akula va skatlar turini himoya qilish kuchaytirildi. Qimmatbaho sudralib yuruvchilar va noqonuniy savdo tufayli yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan ayrim sutemizuvchilar turlariga oid savdoni tartibga solish choralari kengaytirildi. CITESning doimiy qo‘mitalari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan yangilangan yondashuvlar ham tasdiqlandi.
CoP20ning muhim siyosiy natijalaridan biri Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan Samarqand deklaratsiyasi va 2026–2032-yillarga mo‘ljallangan mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasining imzolanishi bo‘ldi. Bu hujjatlar noqonuniy savdoga qarshi kurash, bioxilma-xillikni saqlash, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy chegaralararo aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan.
O‘zbekiston uchun konferensiya muhim yutuqlar maydoniga aylandi: UNDP va IUCN bilan umumiy qiymati 6,6 million AQSh dollariga teng “Qimmatli landshaftlarni integratsiyalashgan holda boshqarish va tiklash” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi; FAO bilan 18 million dollarlik 4 ta grant loyihasi va 1,2 million dollarlik degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash loyihasi bo‘yicha bitimlar tuzildi; birinchi Milliy Ramsar strategiyasi va ekologik o‘zgarishlarning birinchi atlasi taqdim etildi. Shuningdek, CITES CoP20 “Yashil parki” va IV Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi, “Ekologiya: tabiatning noyob in’omi tasvirlarda” ko‘rgazmasi kabi ko‘plab madaniy-ekologik tadbirlar tashkil etildi. O‘zbekiston delegatsiyasi konferensiya doirasida 300 ga yaqin qarorlar ishlab chiqilishida faol ishtirok etdi va 77 ta yangi fauna va flora turlarining CITES ilovalariga kiritilishiga hissa qo‘shdi.
Yakuniy murojaatida konferensiya raisi, Ekologiya vaziri maslahatchisi Alisher Salomov konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi Markaziy Osiyo uchun tarixiy voqea bo‘lganini ta’kidladi. U Samarqandning azaldan xalqaro muloqot markazi ekanini, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida esa global ekologik tashabbuslarning muhim maydoniga aylanishda davom etayotganini qayd etdi. A. Salomov delegatlarga faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirib, tashkil etilgan 110 dan ortiq sayt-iventlar tajriba almashish va yechimlar topishda bebaho maydon bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Samarqand deklaratsiyasi va 2026–2032-yillar uchun Harakatlar rejasini amalga oshirishda, xalqaro hamkorlar, fuqarolik jamiyati va ilmiy doira bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 110 dan ortiq sayt-iventlar o‘tkazilishi avvalgi konferensiyalar ko‘rsatkichlaridan oshib, CITES tarixidagi eng boy ekspertlar maydonini shakllantirdi.
Konferensiya ramzlaridan biri ishtirokchilar tomonidan yaratilgan “CITES CoP20 Green Park” bo‘ldi. Bu park konferensiyaning ekologik merosi va tabiatni asrash borasidagi umumiy mas’uliyatning timsoli sifatida xizmat qiladi.
Kelishuvga ko‘ra, navbatdagi 21-CITES Konferensiyasi (CoP21) Panama davlatida bo‘lib o‘tadi. Unda davlatlar yo‘qolib borayotgan turlarni muhofaza qilish va ular bilan xalqaro savdoni tartibga solish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qiladilar.

