O‘zbekiston sport tarixida yana bir muhim sahifa ochildi
2025-12-02 14:50:00 / Yangiliklar

Sportchilarni tantanali kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, karate WKF federatsiyasi rahbariyati hamda OAV xodimlari, jurnalistlar, murabbiylar va muxlislar ishtirok etdi.
Gulshan Alimardonova Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan karate bo‘yicha jahon chempionatida -50 kg vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz tarixida jahon chempioniga aylangan ilk ayol karatechi bo‘ldi.
“Gulshan Alimardonovaning g‘alabasi — yoshlarimizning, ayniqsa, qizlarimizning imkoniyati yuqori, salohiyati yuksak ekanini yana bir bor namoyon etdi. Tomirida jasoratli To‘maris, Barchinoylarning qoni oqayotgan o‘zbek qizi keltirgan bugungi zafar ulg‘ayib kelayotgan yosh qizlarimiz uchun yangi marralar sari dadil qadam qo‘yishlariga turtki bo‘ladi. Qizlarimizning yuksak orzulari ro‘yobga chiqishi uchun barcha sharoitlarni yaratishda davom etamiz”, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari o‘z chiqishida.
Darhaqiqat, Gulshan Alimardonovaning bu muvaffaqiyati o‘zbekistonlik sportchi xotin-qizlarning xalqaro maydondagi nufuzni mustahkamlab, milliy sportimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

