Jizzax viloyati hududida yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalari faoliyati yuzasidan Respublika ishchi guruhi tomonidan tizimli o‘rganish va tahlil ishlari amalga oshirildi.
2025-08-06 14:30:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yildagi 473-F-sonli farmoyishi ijrosini taʼminlash doirasida Jizzax viloyati hududida yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalari faoliyati yuzasidan Respublika ishchi guruhi tomonidan tizimli o‘rganish va tahlil ishlari amalga oshirildi.
O‘rganishlar jarayonida mavjud shoxobchalarda yong‘in xavfsizligi, mehnat muhofazasi, shaharsozlik qoidalari hamda meʼyoriy-texnik talablarga rioya etilishi holati har tomonlama tahlil qilindi. Shuningdek, barcha obyektlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.
Tahlillar natijasiga ko‘ra, Respublika ishchi guruhi rahbari boshchiligida Jizzax viloyatida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazilib, unda shoxobchalar faoliyatida aniqlangan kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari hamda kelgusida yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar muhokama qilindi.
Xatlov natijalariga ko‘ra, jami 16 ta shoxobchaning (shundan 6 ta AGQSH – propan, 7 ta AYOQSH – benzin, 3 ta AGTKSH – metan) faoliyati xavfsizlik va boshqa texnik talablarga javob bermaganligi sababli vaqtincha to‘xtatildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rildi va mazkur shoxobchalarda faoliyat kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi.
Yig‘ilish yakunida masʼul idoralar, shuningdek, boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillariga sohadagi nazoratni kuchaytirish, profilaktik tadbirlarni muntazam yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qonunbuzilish holatlarining oldini olish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.







