Shaharsozlik qoidalariga rioya etish — bunyodkorlik sifatining asosi
2026-11-05 10:30:00 / Yangiliklar
Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi ishchi guruhi tomonidan Bekobod shahridagi qurilish-montaj ishlarining holati, shuningdek, kommunal soha doirasida ko‘p kvartirali uylarning texnik holati o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida ayrim qurilish obyektlarida tasdiqlangan loyiha hujjatlari talablariga zid ravishda ishlar olib borilayotgani, shuningdek, ayrim fuqarolar tomonidan ko‘p kvartirali uylarning tashqi ko‘rinishiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgani aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼullarga qonunbuzilish holatlarini belgilangan muddatlarda bartaraf etish, qurilish-montaj ishlarini faqat tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshirish hamda qurilish maydonlarida sanitariya talablariga rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, ko‘p kvartirali uylardan belgilangan tartibda foydalanish, umumiy mol-mulkka ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirmaslik zarurligi tushuntirildi. Aks holda, bunday holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.
Toshkent viloyati hududiy inspeksiyasi masʼullari tomonidan qurilish sohasida qonuniylikni taʼminlash, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan nazorat tadbirlari muntazam davom ettiriladi.






