MUROJAATDAN YECHIMGACHA: SAYYOR QABULLAR DAVOM ETMOQDA
2026-11-05 11:30:00 / Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi rahbariyati tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Mazkur qabullarning asosiy maqsadi fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini bevosita joyida o‘rganish, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish, shuningdek, qurilish hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi mavjud masalalarni atroflicha muhokama qilishdan iborat.
Xususan, G‘uzor, Shahrisabz va Mirishkor tumanlarining olis va chekka hududlarida sayyor qabullar o‘tkazilib, tadbirkorlik subyektlari vakillari hamda mahalliy aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar tinglanib, jami 40 dan ortiq murojaat belgilangan tartibda o‘rganildi. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, ularning qonuniy yechimini taʼminlash bo‘yicha masʼullarga zarur topshiriqlar berildi.
Taʼkidlash joizki, sayyor qabullar aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda fuqarolar va davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.








